Diyora Salimova


2474
Yo‘nalishlar: Fan, Iqtisod, Matematika

Maktab o'quvchilari o'rtasida 49- ҳamda 50- xalqaro matematika olimpiadalarining bronza va kumush medali sohibi. Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti laureati. 2009 yilda Alisher Navoiy nomli Samarqand davlat universitetining mexanika-matematika fakultetiga imtiyoz asosida o'qishga qabul qilingan.

Tarjimai hol

Diyora Salimova 1990 yilda tug'ilgan. Samarqand iqtisodiyot va servis instituti qoshidagi akademik litseyda tahsil olgan. Maktab o'quvchilari o'rtasida 49- hamda 50- xalqaro matematika olimpiadalarining bronza va kumush medali sohibi. Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti laureati. 2009 yilda Alisher Navoiy nomli Samarqand davlat universitetining mexanika-matematika fakultetiga imtiyoz asosida o'qishga qabul qilingan.

2006 yil akademik litseyda o'qiy boshlagan Diyora bu yerda o'zining noyob iqtidori bilan barchani hayratga soldi.
Undagi qobiliyatni payqagan matematika o'qituvchilari Sherzod Do'stov, Jamshid Rasulov Diyora bilan yanada chuqurroq shug'ullana boshladi. Dastlab, uning "Tengsizliklarni ekstremumlar yordamida isbotlash" va "Cheva teoremasi" nomli maqolalari nashr qilindi.

2008 yilda Diyora ilk katta muvaffaqiyatga erishdi. 10-22 iyul kunlari Ispaniya poytaxti Madrid shahrida maktab o'quvchilari o'rtasida bo'lib o'tgan 49-xalqaro matematika olimpiadasida 6 o'quvchidan iborat o'zbekiston terma jamoasi 4 ta bronza medalini qo'lga kiritdi. Ular orasida Diyora Salimova ham bor edi.

Muvaffaqiyatdan ruhlangan Diyora o'z ustida tinimsiz ishlashda davom etdi. O'sha yili Turkiya, Qozog'iston, Tojikiston va O'zbekiston o'quvchilari o'rtasida o'tkazilgan Buyuk ipak yo'li xalqaro masofaviy olimpiadasida ikkinchi o'rinni egalladi.
Keyinroq, Moskva shahrida bo'lib o'tgan MDH va Boltiqbo'yi mamlakatlari olimpiadasida tengsiz, deb e'tirof etildi.

2009 yilda fan yo'nalishida Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga sazovor bo'ldi. Aynan shu yili u 50-xalqaro matematika olimpiadasiga yo'llanmani qo'lga kiritdi. Bremen shahrida o'tkazilgan o'quvchilarning navbatdagi matematika bayramida 104 davlatdan kelgan 565 nafar iste'dod egasi jam bo'ldi. Jamoamiz a'zolaridan Qorako'l tumanidagi 1-ixtisoslashtirilgan maktab-internati o'quvchilari Jasurbek Bahromov va Abror Pirnapasov bronza medali bilan taqdirlangan bo'lsa, Diyora Salimova kumush medalni qo'lga kiritdi. Shuni ham aytish kerakki, 1997 yildan beri mazkur musobaqalarda muntazam ishtirok etib kelayotgan vakillarimiz bungacha 20 ta bronza va 3 ta kumush medalga sazovor bo'lgan edi.

Jamshid Rasulov, Samarqand iqtisodiyot va servis instituti qoshidagi akademik litsey matematika fani o'qituvchisi:

- Diyora o'zi qatnashgan xalqaro olimpiadalarda muvaffaqiyatga erishish uchun ikki yildan ko'proq meҳnat qldi.
U darsga boshqa o'quvchilardan ancha erta kelardi va kechgacha tinimsiz shug'ullanardi. Undagi chidam, benazir qobiliyat har qanday kishini ham hayratga solmay qo'ymasdi. Ayrimlar kam mehnat qilib ham ko'p narsaga erishadi, biroq Diyora aynan mehnatkashligi evaziga bugungi darajaga ko'tarildi. Shuni quvonch bilan aytamanki, litseyimizdan Diyoraning ko'plab izdoshlari yetishib chiqmoqda.

E'tiborlisi, shu paytga qadar olimpiadalarda o'z kuchini sinab ko'rish baxtiga muyassar bo'lgan 51 nafar o'quvchi orasidagi yagona qiz bola ishtirokchi - Diyora Salimovaning Germaniyada qayd etgan 24 ballik natijasi, o'zbekistonlik o'quvchilar tomonidan hozirgacha erishilgan eng yuqori ko'rsatkich bo'lib turibdi.

Xato to‘g‘risida ma‘lum qilish Translit