Abduraimov Behzod


2835
Yo‘nalishlar: Madaniyat, Musiqa

Bular - mustaqillik farzandlari, mening nabiralarimdir. Biz ekkan istiqlol nihollari bugun azim daraxtlarga aylandi. Ular ko‘zni quvontirib, mana shunday ajoyib hosil bera boshladi. Bularning tolei, baxtu iqboli hali oldinda. Ona O‘zbekistonimiz kabi farzandlarimizning ham kelajagi buyukdir. Islom Karimov

Biz yashayotgan mana shu tuproqda ilohiy bir hikmat bor. Buyuklarga beshikdir bu zamin. Ulug‘lar ulg‘aygan bu yurtda. Bugun ham iste'dodlar tug‘ilmoqda. Dunyoni lol qoldirmoqda. Qaysi bir sohani olib qaramang - ilm-fan, madaniyat, sport yoki san'at... barcha-barchasida faxrlanadigan, g‘ururlanadigan natijalar istagancha topiladi.

Jahon tafakkur tojini boshiga kiygan Rustam Qosimjonov, olimpiada o‘yinlari g‘olibi Muhammadqodir Abdullayev, matematika osmonida o‘z fazosiga ega Olimjon Eshmatov, yangi mineral kashf etib, jahon minerallarni nomlash assotsiatsiyasi tomonidan tan olingan Erkin Egamberdiyev, dunyo musiqasining yorqin yulduzi Behzod Abduraimov...

Ular bugun O‘zbekistonimizning, xalqimizning milliy boyligidir.
Nima uchundir keyingi vaqtlarda bir savol ustida ko‘p bosh qotirayapman. Nega mustaqillikdan oldin adashib chiqib qolgan bitta-yarimta nomni hisobga olmasak, bizdan chempionlar, g‘oliblar yetishib chiqmagan? Oldin ham sport maktablari, musiqa o‘quv yurtlari, institutlar bo‘lgan-ku. Nima uchun iqtidorlilar, kuchlilar Toshkentdan nariga o‘ta olishmagan?

Bu yorug‘ dunyoda bir haqiqat bor. Faqat ozod odamgina buyuk maqsadlar tomon parvoz qiladi. Faqat ozod odamgina dunyo bilan baravar qadam tashlaydi. Faqat va yana faqat ozod insongina jahonni hayratlantirib, hech kimdan kam emasligini, kam bo‘lmasligini namoyish qilib yashaydi.

Talant taqdiri
Behzod tug‘ilib o‘sgan oila boshqa o‘zbek xonadonlaridan farq qilmaydi. Oila boshlig‘i, marhum fizik olim Abdurazzoq Abduraimov farzandlari orasidan mashhur inson yetishib chiqishini orzu qilib o‘tdi. Onasi Gulsun Abdullayeva musiqa muallimi. Bu oilada to‘rt farzand - ikki o‘g‘il, ikki qiz voyaga yetdi. Dilafro‘z - O‘zbekiston davlat konservatoriyasini tugatgan, fortepyano bo‘yicha mutaxassis. Bugungi kunda V.Uspenskiy nomidagi Respublika maxsus musiqa akademik litseyida o‘qituvchi bo‘lib ishlaydi. Yulduz esa sharqshunos. Javlon shifokor. Behzod oilaning kenja farzandi.

Ota-onaning umid ko‘zlari Behzodga tikilgandi. Buning sababi bor, albatta. Ular taqdir taqozosi bilan katta farzandlariga o‘zlari xohlagan darajada e'tibor berisholmadi.

Behzodni besh yoshida V.Uspenskiy nomidagi maktabga olib borishdi. Lekin qabul qilishmadi. Bir yildan keyin kelishni maslahat berishdi. Olti yoshidan boshlab unga O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan o‘qituvchi Tamara Popovich dars berdi.

Lekin shunday shart qo‘ydi: "Bir yil sinab ko‘raman, agar talablarimga javob berolsa davom ettiraman".

1996 yilga kelib Popovich istagi bilan Gulsun opa ishini tashlashga majbur bo‘ldi. "Quruq non bilan suv ichsang ham bolangga alohida e'tibor berishing kerak".

1997 yil. Baxtga qarshi Behzod kasal bo‘lib qoldi. Bir yil davomida darslarga qatnasha olmadi. Popovich ham, boshqalar ham undan umid uzishgan edi. Lekin yolg‘iz ona tushkunlikka tushmadi. Uyda o‘g‘li bilan tinimsiz shug‘ullandi, birga dars qildi...

Yil oxiriga borib Behzod imtihonlarni a'lo baholarga topshirdi. Hayratini yashirolmagan o‘qituvchilari Gulsun opaga, uning sabotiga qoyil qoldi. Ha, Behzod yetti yoshidayoq hayotning kutilmagan zarbasini onasining matonati bilan yengib o‘tdi.

Tamara Popovich har kuni ikki soat Behzod bilan ishladi. Tez orada bu mehnatlar o‘z samarasini ko‘rsatdi: iste'dodli o‘quvchi sakkiz yoshida orkestr bilan konsert berdi. O‘shanda u Motsartning 28-konsertini ijro etgandi. Shundan so‘ng har yili Shopen, Chaykovskiy, Brams, Raxmaninov konsertlari ijrochisiga aylandi.

To‘rtinchi sinfga o‘tganda ustozi Behzodga pianino bo‘yicha yetuk mutaxassis darslari zarurligini aytdi. Unga faqat Moskva konservatoriyasi professori Lev Naumovgina qo‘shimcha bilim berishi mumkin ekan. O‘shanda hozirgi Madaniyat va sport ishlari vazirligi Behzodning Moskvaga borib kelishiga imkoniyat yaratib berdi. Olti-yetti yil davomida u har yili ikki marta kamida o‘n kun Naumov huzurida bo‘ldi, maxsus dars mashg‘ulotlari oldi. O‘shanda professor: "Uning kelajagi porloq, faqat o‘z ustida tinimsiz ishlashi kerak", degan edi.

Bir kuni Behzod Naumov bilan mashq qilayotganda uning xotini Gulsun opa bilan suhbatlashib: "Behzod juda talantli bola, lekin ming afsuski, u o‘zbek"... Bu gapdan onaning qalbi qanchalik ezilmasin, yaxshi kunlar kelishini umid bilan, sabr-bardosh bilan kutdi.

Izlanishlar, mashaqqatlar...

Endigina hayotga qadam qo‘yib kelayotgan yoshlarning ongiga shunday fikrni singdirish kerakki, ular o‘rtaga qo‘yilgan maqsadlarga erishishi o‘zlariga bog‘liq ekanligini, ya'ni bu narsa ularning sobitqadam g‘ayrat-shijoatiga, to‘la-to‘kis fidokorligi va cheksiz mehnatsevarligi bog‘liq ekanligini anglab yetishlari kerak.

Behzod ikki marta Chaykovskiy konsertiga bordi. Ikki marta ham uni ikkinchi turdan qaytarishdi. O‘quvchisiga hamrohlik qilgan Popovich afsus va nadomat bilan u birinchi o‘ringa loyiqligini, lekin hay'at a'zolari boshqalarning nomini e'lon qilganini aytdi. Bu hol yana bir necha bor takrorlandi. O‘z-o‘zidan bular Behzodning ruhiyatiga qattiq ta'sir qildi. Shunday tanlovlardan biridan qaytgan yosh musiqachi onasining ko‘ksiga boshini qo‘yib, yig‘lab yubordi: "Men hammasidan yaxshi chaldim. Zal meni olqishladi. Lekin boshqalar g‘olib bo‘ldi. Men endi hech qachon tanlovlarga bormayman..."

Ona ham o‘g‘li bilan bab-baravar, balki undan ko‘proq kuyunardi. O‘g‘liga qarata: "O‘zingga olma, senga qanchalik nohaqlik qilmasinlar, baribir haq o‘z joyida qaror topadi. Chunki nohaqlik uzoq davom etmaydi, g‘olib chiqmaydi. Bir kuni albatta mehnatlaring o‘z bahosini oladi", deya nasihat qilardi.

Shunday damlarda ona farzandini og‘ir ruhiy holatdan chiqarib olish yo‘llarini qidirardi. Behzod suratlar chizardi. Bugun ham Gulsun opa ko‘z qorachig‘iday asrayotgan bu rasmlardagi bitta tasvir kishi e'tiborini tortadi. Bu - Behzod chizgan, yulduzlarni ko‘zlab ko‘kka intilayotgan arg‘umoq suratidir. Ona esa o‘g‘lining uydagi mo‘'jazgina pianinosi ustiga oyoqlarini baland ko‘tarib, kishnab turgan ot haykalchasini qo‘yib qo‘ydi. Bu bilan u bolasiga oldinga intilish kerakligini uqtirgandi.

Prezident nazari

2002 yil 22 mart kuni 12 yoshli Behzod O‘zbekiston davlat konservatoriyasining yangi binosi ochilishiga bag‘ishlangan tantanada ishtirok etdi. Behzoddagi tug‘ma iste'dodni payqagan Prezidentimiz uni bag‘riga bosib, "Barakalla, o‘g‘lim" dedi. Bu g‘amxo‘rlik murg‘ak qalbga katta parvozlar uchun qanot, o‘ksigan ko‘ngliga malham bo‘ldi.

Chunki o‘shanda Behzodning otasi vafot etgan, uning bola tasavvuri qaysidir ma'noda bo‘m-bo‘sh qolgandi. Mana shunday bir paytda bu bo‘shliqni yurt otasining mehri to‘ldirdi. Mamlakatimiz rahbari e'tibori sabab Behzod hayotiga yangiliklar, yaxshiliklar, g‘alabalar kirib keldi.

Behzod bir necha bor Rossiya, Yaponiya, Qozog‘iston, Italiya (2001, 2003), Xitoy (2002), Amerika (2006), yana boshqa ko‘plab davlatlarda xalqaro tanlovlar g‘olibi, litsey o‘quvchilari o‘rtasida birinchi bo‘lib Prezident stipendiyasi sohibi, 2005 yilda "Kelajak ovozi", 2008 yilda pianinochilarning xalqaro "Korpus Krist" va "Lennoks" tanlovlari mutlaq g‘olibligini qo‘lga kiritdi. Shu yili "Nihol" mukofotiga sazovor bo‘ldi. Jahon matbuoti sahifalarida Behzodning nomi tez-tez tilga olinib, taniqli mutaxassislar uning yorqin kelajagidan bashorat qila boshladilar.

Dunyo unga intilmoqda

2007 yilga kelib Behzodning oldida yangi-yangi dovonlar paydo bo‘ldi. Bir kuni Popovich: "Men Behzodga berishim mumkin bo‘lgan bilimni berdim. Buyog‘iga endi u London yoki Nyu-Yorkka borib o‘qishni davom ettirishi kerak", dedi.

Nomlari sanalgan shaharlardagi mashhur universitetlarga kirib o‘qish uchun da'vogar 1-turda konserti yozilgan diskni yuboradi. Agar konsert ma'qul kelsa, qabul komissiyasi 2-bosqichda abituriyentni chaqirib imtihon oladi.

Bir vaqtning o‘zida Behzodni AQSH, Italiya, Germaniya, Angliya, Rossiya kabi davlatlarga o‘qishga taklif qilishdi. U Amerikaning Kanzas shtatidagi Park universitetini tanladi. Taqdir uni bu yerda asli o‘zbekistonlik Stanislav Yudenich bilan uchrashtirdi. Shundan so‘ng u bir-necha marta AQSHda o‘tkazilgan xalqaro tanlovlarda g‘olib bo‘ldi.
Behzodga dunyoning turli mamlakatlaridan konsert berish, konkurslarda qatnashish takliflari tusha boshladi.

Nafaqat Behzod, balki O‘zbekiston g‘olib bo‘ldi
2009 yil 18-28 aprel kunlari Londondagi festivallar Qirollik saroyida pianinochilarning VII xalqaro tanlovi o‘tkazildi. Unda dunyoning 16 mamlakatidan kelgan yuzdan ziyod 30 yoshgacha bo‘lgan kuchli pianinochilar ishtirok etdi.

Tanlovni Buyuk Britaniya, Shveysariya, Avstriya, Finlyandiya, Ispaniya, Avstraliya, Bolgariya va Janubiy Koreyadan kelgan musiqa san'atining taniqli namoyandalari baholab bordi. Mazkur tanlovda hamdo‘stlik davlatlaridan O‘zbekiston, Rossiya va Belarus vakillari ishtirok etdi.

Hay'at qaroriga ko‘ra 3-o‘ringa italiyalik Alessandro Taverna, 2-o‘ringa latviyalik Andreys Osokins, 1-o‘ringa esa o‘zbekistonlik Behzod Abduraimov loyiq topildi.

...Tanlov Nizomiga muvofiq festivallar saroyiga yig‘ilgan ikki mingdan ziyod tomoshabin huzurida avval 3, so‘ng 2-o‘rin sohiblarining chiqishlari tinglandi. Shundan so‘ng London filarmoniyasi orkestri jo‘rligida Gran-pri sohibi Behzod Abduraimov sahnaga ko‘tarildi. Tomoshabinlar Behzodni gulduros qarsaklar bilan qarshilab, ijro tugar-tugamas o‘rinlaridan turib, uni olqishladilar. Muhtasham san'at saroyi larzaga keldi. Yosh ijrochining sahnani tark etishiga qo‘ymay, uni takror-takror qutlashdi.

Sahnaga nufuzli hay'at a'zolari chiqib keladi. Hay'at raisi Sulamita Aranovski avval quyi o‘rin sohiblarini e'lon qilib, ularni taqdirlab bo‘lgandan so‘ng, zalga qarata shunday dedi: "Men hozir sizlarga birinchi o‘rin sohibini e'lon qilaman. U - o‘zbekistonlik iste'dod 19 yoshli Behzod Abduraimovdir".

E'tiborli tomoni, jahon pianinochilari o‘rtasida o‘tkaziladigan birinchi beshlikka kiruvchi mazkur tanlov g‘olibi bo‘lish hammaga ham nasib etavermaydi.

Bu tanlovda nafaqat Behzod, balki O‘zbekiston g‘olib bo‘ldi! Jahon musiqasi bilimdonlari, qolaversa, butun London o‘zbek o‘g‘loni muvaffaqiyati oldida lol qoldi.

O‘z hayratini yashira olmagan S.Aranovski Behzod qo‘lga kiritgan g‘alabaga, uni jahon pianinochilari orasida tutgan o‘rniga hamda O‘zbekistondagi pianinochilar maktabiga yuksak baho berib, so‘zining oxirida: "Behzod kabi iste'dodlar yuz yilda bir marta tug‘iladi", deb uni bag‘riga bosdi.

Maykl RIMMER, yozuvchi, jurnalist (Angliya): - Behzod favqulodda juda iste'dodli. Kelajagi porloq. Londondagi ulkan yutug‘i uning mehnatsevarligi va tirishqoqligidandir. Buyuk ingliz ixtirochisi T.Yedisson "Daho - bu 99 foiz mehnat, bir foiz iste'doddan iborat. Agar sen o‘z ustingda muntazam ishlashni davom ettirmasang, unda Alloh in'om etgan iqtidor ham senga yordam berolmaydi, o‘z-o‘zidan so‘nadi. Behzodda maqsadga erishishning ikki muhim qirrasi mujassam: bu - intizom va qat'iyatdir. Londondagi tanlovda Behzod dasturning birinchi bo‘limini ijro etib bo‘lganidayoq tomoshabinlar uning ajoyib ijrosidan hayratga tushdi. O‘shandayoq ko‘pchilik uning tanlovda g‘olib bo‘lish imkoniyati juda yuqori ekanligini e'tirof etdi. YAqin kelajakka nazar tashlagan londonlik klassik musiqa muxlislari esa o‘zbekistonlik pianinochilarning yana ko‘pdan-ko‘p g‘alabalari shohidi bo‘lishga umid bildirishmoqda.

Mayestro Vladimir ASHKENAZI, Sidney simfonik orkestri dirijyori (Avstraliya): - Men ko‘plab xalqaro tanlovlar g‘oliblari bilan musiqa chalganman. Lekin hech qachon Behzod ijrosi darajasidagidek qoniqish hosil qilmaganman. Kelajakda ham Behzodni hozirgidek kamtarin bo‘lib qolishini istayman. Men Behzod kamolga yetgan mamlakat O‘zbekistonga va uni tarbiyalagan ustozlariga minnatdorchilik bildiraman.

G.SENYKOVA, taniqli musiqashunos (Qozog‘iston):
- Behzodda Xudo bergan iste'dod va nozik musiqiy tafakkur bor. Boshqalar yillar davomida erishadigan imkoniyatlarning ko‘pini u allaqachon qo‘lga kiritib bo‘lgan.

2009 yil 11 noyabr kuni Kanzas shahrida Behzod Abduraimov konserti bo‘lib o‘tadi. Unda ishtirok etgan shahar meri dastur so‘nggida yosh ijrochini qo‘llab: "Kelinglar bundan keyin har yili 11 noyabrni shahrimizda Behzod Abduraimov kuni, deb e'lon qilaylik", - dedi.

"Qo‘llaringni asra bolam"
- Behzod Londondagi tanlovda qatnashishini menga aytmagandi, - deydi Gulsun Abdullayeva. - Qo‘ng‘iroq qilganimda "Ish bilan borayapman", degandi. Onam meni o‘ylamasin, deb shunday qilgan. U hamisha biz uchun qayg‘uradi.

Opalari, akasining o‘qish va ishlari bilan qiziqadi. Ba'zan o‘ylab qolaman, aksincha bo‘lishi kerak-ku. Biz kattalar unga g‘amxo‘rlik qilishimiz kerak-ku.
Behzod Amerikaga o‘qishga borganida endigina 17 yoshga kirgan edi. Yuborishga yubordim-u, undan juda xavotirlandim. Lekin xudoga shukr, o‘zini tutib oldi. Londondagi muvaffaqiyatidan so‘ng o‘nga yaqin davlatlarda bo‘ldi.

Avstraliyaning Sidney shahrida o‘z dasturini namoyish etdi. Mayestro Ashkenazi dirijyorligidagi orkestr bilan birga ikki oy davomida Osiyo bo‘ylab o‘tkazilgan gastrolda qatnashib, O‘zbekistonimiz nomini tarannum etdi.

O‘g‘lim bugun qayerga bormasin, tomoshabinlar uni katta hurmat bilan kutib olayapti. Behzod bu orada bir necha marta Londonning o‘zida ham konsert berdi. O‘sha kunlari tomoshaga kiruvchilarga chipta ham yetmay qoldi. Behzod Amerikaning turli shtatlarida ham katta konsertlar o‘tkazdi. Chunki Londondagi tanlovdan so‘ng birinchi o‘rin sohibi zimmasiga dunyo bo‘ylab konsert o‘tkazish majburiyati yuklatiladi. hozir 2012 yilgacha Behzod boradigan, konsert o‘tkazadigan mamlakat va shaharlarning nomi aniq. Shunday konsertlardan biri shu yil mayda Londonda bo‘lib o‘tadi.

Oktyabr oyida esa London filarmoniyasi orkestri bilan debyut tayyorlaydi.
YAqinda Behzod bilan telefonda gaplashganimda, badiiy kitoblar o‘qiyotganini, nemis tilini o‘rganayotganini aytdi. 8 yoshli nabiram Iskandar Uspenskiy nomidagi litseyda o‘qimoqda. hozirgacha u ham bir necha tanlovlarda ishtirok etdi.

Behzod menga Iskandar bilan qattiqroq shug‘ullaning, deydi. Nasib bo‘lsa, nabiram ham xalqaro tanlovlarda g‘olib bo‘ladi.
Shu o‘rinda men Behzod erishayotgan barcha yutuqlarda ustozlarining xizmati katta ekanini alohida ta'kidlamoqchiman.

Tamara Popovich singari fidoyi inson oldida bir umr bosh egaman. Ajoyib musiqa muallimi, fidoyi rahbar, marhum Komil Zoirov ham Behzodga juda ko‘p yo‘l-yo‘riq ko‘rsatardi. O‘g‘lim yaxshi odamlarning mehr-muruvvatidan bahramand bo‘ldi. Fursatdan foydalanib, ma'naviyat jonkuyarlari Erkin Kozimovga va Dinara Sodiqovnaga o‘z minnatdorchiligimni bildirmoqchiman.

Behzod har gal menga qo‘ng‘iroq qilganda O‘zbekistonni, Toshkentni sog‘inganini aytadi. Xudo xohlasa, yozda ta'tilga keladi. U bilan gaplashgandan so‘ng har gal qo‘llaringni asra, bolam, deyman. U kuladi. Sovuqda qo‘lqop kiyib yurishini tayinlayman.

Ertangi kun bizniki, marra bizniki!

Prezidentimiz ta'kidlaganidek, musiqa ko‘ngilni poklaydi. Ruhni tetiklashtiradi. Musiqa mamlakatni, millatni bir maqsad yo‘lida birlashtiradi. Dunyoga tanitadi. Xalqaro obro‘-ye'tiborini yanada yuksaltiradi.

Xato to‘g‘risida ma‘lum qilish Translit